Toshloq tumanida yangi xususiy ta’lim muassasasi – “Abu Rayhon Beruniy avlodlari” nomli xususiy maktab o‘z faoliyatini boshladi.



Zamonaviy talablarga javob beradigan ushbu ta’lim maskani 250 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda 1-sinfdan 6-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar tahsil oladi. Mazkur loyiha umumiy qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lib, maktab xususiy tadbirkor Kamolitdin Roziqov tashabbusi bilan barpo etildi. Ta’lim muassasasida zamonaviy sinf xonalari, axborot texnologiyalari bilan jihozlangan kompyuter sinflari, kitoblar va o‘quv qo‘llanmalarga boy kutubxona, shuningdek bolalarning sog‘lom tarbiyasi uchun sport zali ham tashkil etilgan. Maktabda dars jarayonlari malakali pedagoglar tomonidan olib boriladi. O‘quvchilar nafaqat asosiy fanlarni, balki chet tillari ingliz va rus tillarini ham chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, o‘quvchilarning qiziqishlariga mos ravishda turli to‘garaklar va qo‘shimcha mashg‘ulotlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov hamda Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Djurabayev ishtirok etdilar. Tadbirda so‘z olgan rasmiylar maktabning yosh avlod ta’lim-tarbiyasida tutgan o‘rni, hamda xususiy sektordagi bunday loyihalarning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Toshloq tumanida bu kabi xususiy ta’lim muassasasining ochilishi aholi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Yangi maktab yosh avlodga bilim berish bilan birga, tumanning ta’lim sohasidagi salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz










