Toshloq tumanida aholi bilan ochiq muloqotlar davom etmoqda



Aholining turmush sharoiti, kundalik muammolari va takliflarini o‘rganish, shu orqali joyida samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida Toshloq tumanida sayyor qabullar izchil ravishda tashkil etilmoqda. Shu maqsadda tuman hokimi Abduqahhor Djuraboyev rahbarligida navbatdagi sayyor qabul Quyi “Yakkatut” mahallasida bo‘lib o‘tdi. Unda “Quyi Yakkatut” hamda “Qumariq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi faol ishtirok etishdi. Qabulda barcha tegishli tashkilot va idora rahbarlari ham qatnashdi. Qabul jarayonida aholi tomonidan maktab oldiga svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, sog‘liqni tiklash uchun sihatgohlarga yo‘llanmalar, ish bilan ta’minlash, moddiy yordam ko‘rsatish, mahalla obodonchiligini yaxshilash kabi muhim masalalar ko‘tarildi. Har bir murojaatni tinglash va ularni yechish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Qabul davomida kelib tushgan 12 ta murojaatdan 5 tasi shu yerning o‘zida hal etildi. · Mahfuza Xolmirzayeva (“Zarkent” MFY, A.Temur ko‘chasi)ning doimiy ishga joylashish bo‘yicha murojaati ijobiy hal etilib, “Ekspo Kolor Print Teks” xususiy korxonasiga ishga qabul qilindi. · Dilxumor Musoyeva (“Chek " MFY)ga o‘zi va farzandi uchun “Shohimardon” sihatgohida dam olish va sog‘lig‘ini tiklash uchun yo‘llanma berildi. · Shohida Polvonova (“Besarang” MFY) turmush o‘rtog‘ini yurak xastaligi bo‘yicha davolatish masalasida murojaat qilgan bo‘lib, u tuman tibbiyot birlashmasining markaziy shifoxonasiga yotib davolanishi uchun yo‘llanma oldi. Qolgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berildi va ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Ushbu sayyor qabullar tuman aholisi bilan davlat idoralari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, muammolarni tizimli hal etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!










